Toshkent Davlat Tibbiyot Universitetining 6-talabalar turar joyida talabalar uchun ezgulik va mehr-oqibat ruhida o‘tkazilgan xayriya tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirni TDTU ma’muriyati va 2-Davolash fakulteti rahbariyati boshchiligida 2-son travmatologiya, ortopediya, HDJ va neyroxirurgiya kafedrasi xodimlari tashabbuskor sifatida tashkil qildi.
Mazkur xayriya osh dasturxonining asosiy maqsadi — talabalarga iliq muhit yaratish, ularni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ustozlar va yoshlar o‘rtasidagi yaqin hamkorlik va muloqotni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi. Tadbir davomida talabalar hamda professor-o‘qituvchilar o‘zaro suhbatlashib, fikr almashish imkoniga ega bo‘ldilar.
Kafedra jamoasi tomonidan tayyorlangan hayriya oshidan talabalar, turar-joy ma’muriyati, ustozlar va mehmonlar bahramand bo‘ldilar. Ishtirokchilarga ko‘ra, bunday tadbirlar nafaqat moddiy ko‘mak, balki ma’naviy ko‘tarinkilik ham ulashadi. Ular talabalarning o‘zini oila a’zolari kabi his etishiga, ilmga bo‘lgan qiziqishining ortishiga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida tashkilotchilar bunday xayriya an’analarini kelgusida ham davom ettirishni, talabalar bilan muntazam uchrashuv va ma’naviy-ma’rifiy faoliyatni kuchaytirishni maqsad qilganliklarini bildirdilar.






