2022 yil 18-19 oktabr kunlari taniqli ortoped-vertebrolog, Rossiya Sog’liqni saqlash vazirligining akademik G.A. Ilizarov nomidagi Travmatologiya ortopediya ilmiy tekshirish instituti ta’lim va mintaqalar bilan o’zaro aloqalar bo’yicha direktor o’rinbosari, umurtqa pog’onasi patologiyasi va noyob kasalliklar klinikasi rahbari, AOSPINE RF raisi, tibbiyot fanlari doktori Sergey Olegovich Ryabix O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi Respublika bolalar ortopediyasi markazi va Toshkent tibbiyot akademiyasi Travmatologiya-ortopediya, XDJ va neyrojarrohlik kafedrasiga tashrif buyurdilar. Tashrif davomida Sergey Olegovich Ryabix statsionar bemorlarni ko’rikdan o’tkazdi, og’ir ortopedik patologiyalari bo’lgan 20 ga yaqin bemorlarga maslahat berdi, shuningdek, davolash fakultetining 401 guruhi talabalariga skolioz va umurtqa deformatsiyalarini jarrohlik yo’li bilan davolash bo’yicha ma’ruzalar o’qidi.
Shuni ta’kidlash kerakki, Ryabix S.O. ko’p yillar davomida respublikamizda vertebrologik va ortopedik patologiyasi bo’lgan bemorlarga faol amaliy yordam ko’rsatib kelmoqdalar, TTA Travmatologiya, ortopediya, XDJ va neyroxirurgiya kafedrasi tomonidan tashkil etiladigan mahorat darslarida muntazam qatnashib, talabalar, ordinatorlar, magistrlar, yosh shifokorlarga ma’ruzalar o’qiydilar.
Suhbat davomida t.f.d. Ryabix S.O., Respublika bolalar ortopediyasi markazi direktori t.f.d. Tilyakov A.B. va TTA Travmatologiya-ortopediya, XDJ va neyrojarrohlik kafedrasi mudiri t.f.d. Xo’janazarov I.E. keyingi ilmiy-amaliy hamkorlik masalalarini muhokama etdilar.