Toshkent davlat tibbiyot universitetining xalqaro hamkorlik faoliyatini yanada kengaytirish hamda o‘quv jarayoniga yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari va tibbiyot markazlarining professor-o‘qituvchilari va mutaxasisslarini jalb etish maqsadida, ToshDavTU tomonidan tasdiqlangan tashrif dasturi ijrosi yuzasidan taniqli ortoped-vertebrolog, Koreya ortopediya assotsiatsiyasi, Koreya umurtqa jarrohligi jamiyati va Koreya travmatologlar jamiyati a’zosi, Janubiy Koreya Respublikasi Chungbuk Milliy Universiteti Tibbiyot fakulteti faxriy professori Yong Min Kim 2026 yilning 16-28-mart kunlari ToshDavTU 2-son Travmatologiya, ortopediya, harbiy dala jarrohligi va neyroxirurgiya kafedrasi o‘quv jarayoniga jalb etildi.

Tashkil etilgan mashg‘ulotlarga kafedra xodimlari, magistr/klinik ordinatorlari va talabalar ishtirok etdilar. Tashrif davomida professor Yong Min Kim Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya-ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Tibbiyot xodimlari kasbiy malakasini rivojlantirish markazining koʻp tarmoqli klinikasi, Respublika bolalar ortipediya markazida statsionar bemorlarni koʻrikdan oʻtkazdi, ogʻir ortopedik va vertebrologik patologiyalari boʻlgan jami 124 nafar bemorga maslahat berdi, shuningdek, kafedra xodimlari, magistr/klinik ordinatorlari va talabalarga skolioz, umurtqa deformatsiyalari va degenerativ kasalliklarini jarrohlik yo‘li bilan davolash boʻyicha maʻruzalar o‘qidi va amaliy mashgʻulotlar oʻtdi. Jumladan nazariy – 14 soat, amaliy – 24 soat, jami – 38 soat mashg‘ulotlar o‘tildi.

Shuni taʼkidlash kerakki, professor Yong Min Kim koʻp yillar davomida respublikamizda vertebrologik va ortopedik patologiyasi boʻlgan bemorlarga faol amaliy yordam koʻrsatib kelmoqdalar, TDTU 2-son Travmatologiya, ortopediya, HDJ va neyroxirurgiya kafedrasi tomonidan tashkil etiladigan mahorat darslarida muntazam qatnashib, talabalar, ordinatorlar, magistrlar, yosh shifokorlarga mashg‘ulotlar o‘tadilar.

Muzokaralar davomida professor Yong Min Kim Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya-ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori t.f.d., professor Irismetov M.E. va TDTU 2-son Travmatologiya-ortopediya, HDJ va neyrojarrohlik kafedrasi mudiri t.f.d. Xo’janazarov I.E. keyingi ilmiy-amaliy hamkorlik masalalarini muhokama etdilar.
Shuningdek, tashrif doirasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilib, ularda professor tomonidan tibbiyot sohasida xalqaro hamkorlikning ahamiyati, shifokorlik kasbining yuksak mas’uliyati va kasbiy etikasi haqida atroflicha fikrlar bildirildi. Talabalar bilan ochiq muloqotlar tashkil etilib, ularning savollariga batafsil javoblar berildi.

Mazkur tashrif Toshkent davlat tibbiyot universitetida xalqaro tajribani joriy etish, ilg‘or bilim va ko‘nikmalarni almashish hamda kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini kengaytirishda muhim qadam bo‘ldi.



