2024-yil 24-oktabrda Germaniyaning Gannover shahridagi Xalqaro neyrofanlar klinikasi professori Majid Samiining onlayn ma’ruzasi bo’lib o’tdi, unda TTA Xalqaro fakulteti XF-20-06 A, B, C guruh talabalari faol ishtirok etdilar.
Majid Samii inson bosh miyasi shaklida yaratilgan noyob binoda joylashgan Xalqaro neyrofanlar institutiga (INI) rahbarlik qiladi va asab tizimi kasalliklarini tashxislash va davolash uchun ilg’or tibbiy texnologiyalarni ishlab chiqadi. Majid Samii navigatsiya va monitoring texnikasining zamonaviy yuqori texnologiyali kompleksidan foydalangan holda fundamental neyroonkologiya, rekonstruktiv neyroxirurgiya va mikroneyrojarrohlik ishlari uchun mukofotga sazovor bo’lgan. Hozirda u yosh neyroxirurglarni o’qitmoqda va Germaniya, Xitoy, Erondagi xalqaro neyroxirurgiya institutlarining prezidenti; bolalarga yordam jamg’armasi vasiylik Kengashi prezidenti; Gannoverdagi Nordstadt kasalxonasi neyroxirurgiya klinikasining faxriy direktori; Germaniya bosh miya jarrohligi jamiyatining faxriy prezidenti; Germaniya kompyuter va robotik xirurgiya jamiyatining faxriy prezidenti hisoblanadi.
Vebinarda ma’ruza turli xil murakkab neyroxirurgik kasalliklarga chalingan bemorlarda diagnostika va davolash taktikasining o’ziga xos xususiyatlariga, xususan, kranioorbital soha o’smalarining neyroxirurgiyasiga bag’ishlandi. Ma’ruza oxirida professor bir qator savollarga javob berdilar, xususan, xalqaro fakultet XF-20-06 guruhining talabalari Akhil Singh va Joanna Kvon o’zlarini qiziqtirgan savollar bilan faol qatnashdilar.