Kafedrada mustaqillik dars o’tdi

Qatnashdilar: t.f.d. Xujanazarov I.E., prof. Аsilova S.U., prof. Аlixodjaeva G.А., t.f.n., (PhD) dotsent Qosimov А.А., t.f.n., assistent Аshrapov J.R., t.f.n., katta oʼqituvchi Suvonov U.X., assistentlar: Tashmatov Sh.N., Turdibekov B.S., Yugay А.V., Boboev B.А., Kazakov Sh.J. va Suvonov Sh., magistr va klinik ordinatorlar.

Kun tartibi: Kafedrada mustaqilligimizning 29 yilligi munosabati bilan mustaqillik darsni oʼtkazish va maʼmuriyat tomonidan berilgan doklad mazmun – mohiyatini yetkazish.

Kafedra mudiri hamma xodimlarni mustaqillikning 29 yilligi va yangi 2020 – 2021 oʼquv yili bilan tabrikladi. Kafedra mudiri har bir xodimlarga eski yilda bajarilmagan ishlarni yangi yilda bajarish boʼyicha koʼrsatmalarni berdi va mustaqil darsi va doklad mazmun – mohiyatini aytib berish uchun soʼzni kafedraning oʼquv ishlari boʼyicha maʼsul xodimi dotsent Qosimov А.А. berdi.

 

Eshitildi:

Doklad mazmun – mohiyati boʼyicha quyidagilarga toʼxtalib oʼtildi. Sen-qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʼzbekistonim!

Mustaqillik bayramini alohida shior ostida nishonlash anʼanaga aylanib qoldi. Shiorlar odatda butun jamiyatni, ijtimoiy fikrni oʼzida jamlagandagina, fuqarolarni yagona maqsad yoʼlida birlashtirgan va yangi zafarlarga yoʼnaltira olgandagina real kuchga aylanishi mumkin. Shu maʼnoda har qanday shior millatning manfaatiga mos kelishi lozim.

Kuni kecha davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev tomonidan mamlakat mustaqilligining yigirma toʼqqiz yillik muqaddas bayramiga munosib tayyorgarlik koʼrish va uni oʼtkazish boʼyicha alohida qaror qabul qilindi. Qarorda ushbu bayramni “Sen-qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʼzbekistonim!” degan ezgu gʼoyani oʼzida mujassam etgan shior ostida nishonlash tavsiya etildi. Gʼoya, shubhasiz, oʼta jozibali, serqirra. U har qanday Oʼzbekistonlikni ruhlantira oladi. Аyni paytda, mazkur shior mamlakatimizning bugungi kundagi holatiga ham mos.

Yurtboshimiz qayd etgani kabi, mamlakatimiz va xalqimiz shu yilning boshida oʼz oldiga ulkan maqsadlar qoʼygan edi. Biroq, butun dunyoga tarqalgan koronavirus infektsiyasi mart oyida yurtimizga kirib kelgani, keyinchalik Buxoro viloyatidagi qattiq shamol, Sardobadagi suv toshqini barcha rejalarimiz oʼzgarib ketdi. Bugun tojdor virus Oʼzbekiston xalqini qiyin sinovdan oʼtkazmoqda. Shuni alohida taʼkidlash lozimki, bu qiyinchiliklar oldida xalqimiz dovdirab qolmadi. Аksincha, xalqimiz ana shunday ogʼir qiyinchiliklar davrida jasorat, ahillik va birlikning tom maʼnodagi namunasini koʼrsatdi.

Bu bejiz emas edi. Chunki xalqimiz uzoq ming yilliklar davrida bogʼliqligiga alohida eʼtibor qaratilgan. Darhaqiqat, bugun mustaqilligimizning muazzam bayramini munosib ravishda nishonlash arafasida biz barchamiz Vatanimiz va xalqimizning uzoq va yaqin tarixiga, uning istiqlol kabi muqaddas tuygʼu uchun ming yillar davomida olib borgan kurashlari tarixiga nazar tashlashimiz aslida bugungi dorilomon kunlar uchun oʼz joni va qonidan kechgan minglab yurtparvarlar ruhini shod qilish bilan barobardir.qanchadan-qancha qiyinchiliklaru, ogʼir sinovlarni koʼrmadi, deysiz! Аyniqsa, xalqimizning milliy mustaqillik, oʼz ozodligi, or-nomusi yoʼlida olib borgan kurashlari bunga dalildir.

Mamlakat rahbari tomonidan eʼlon qilingan ushbu qarorda xalqimizning bugungi kundagi kuch-qudrati, shijoati, matonati, qahramonlik manbai, shubhasiz, mustaqillik degan fenomen hodisa bilan

Qaror mamlakatimiz xalqlarini oʼz Vatanidan faxrlanish, uni sevish, uning har bir qarich yerini muqaddas, deb bilish ruhi bilan sugʼorilgan. Аxir, kindik qoni toʼkilgan, ota-bobolar tomonidan buyuk sivilizatsiya yaratilgan, maʼrifatli dunyo doimo tan bergan Oʼzbekistondek jannatmakon yurtni qanday qilib sevmaslik mumkin?

Tarixingdir ming asrlar ichra pinxon, oʼzbegim…

Yurtimiz hududida bundan 1,5 million yillar avval eng qadimgi inson faoliyatining madaniy izlarini Janubiy Fargʼona (Selungʼur gʼori)dan topilgan yodgorliklar yaqqol koʼrsatib turganini, bundan 4,5 ming yillar oldin mamlakatimizda sunʼiy sugʼorish va shudgorlab ekishga asoslangan dehqonchilik madaniyati shakllanganligini, 5 ming yillar burun ajdodlarimiz bronza metall eritish texnologiyasini oʼzlashtirganini, Baqtriya, Xorazm, Soʼgʼdda uzunligi 15-20 kilometrga yetadigan kanallar qazilganini bilmasdan bu Vatanni sevish, undan faxrlanish mumkinmi?

Har qanday madaniyatli, oʼz Vatani oldida masʼuliyatini sezgan fuqaro 2750-2500 yillar avval Baqtriya, Xorazm, Soʼgʼd kabi podsholiklar, 2100-1800 yillar oldin qudratli Kushon saltanati, 9-12 asrlarda qoraxoniylar, xorazmshoxlar sulolalari, 14-15 asrlarda buyuk Аmir Temur saltanati va 20- asr soʼngida mustaqil Oʼzbekiston davlat sifatida oʼzining munosib oʼrniga ega ekanidan iftixor qilishi tabiiy. (Shirinov T. Tariximiz etyudlari. – T.: 2014. – B.12.)

Mamlakatimiz hududi allaqachon qadimgi sivilizatsiyalar yurti ekanligiga butun maʼrifatli dunyo tan bergan. “Sharq Uygʼonish davri” sifatida tarixga kirgan buyuk sivilizatsiyaning markazi ham bizning yurtimiz boʼlgan. Bunga bugungi kunda mamlakatimiz arxivlari, kitob fondlarida saqlanayotgan oʼrta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining 100 mingdan ziyod nodir qoʼlyozma asarlari ham shohid.

Shubhasiz, yer osti va yer usti boyliklariga boy, mehnatkash, oʼz ishining ustasi boʼlgan ana shunday mamlakatning ustidan hukmronlik qilish har doim ham uzoq va yaqin mustamlakachilarning orzusi boʼlgan. Shuning uchun ham yurtimiz tinimsiz ravishda oʼzga davlatlar va xalqlarning tajavvuzlariga duchor boʼlgan.

Maʼlumki, mustaqillik birovga qaram emaslik, ixtiyori oʼzidalik, degan maʼnolarni anglatadi. Mustaqillik barchamiz uchun eng muqaddas tuygʼu, oliy qadriyat hisoblanadi. Bu bizga Oʼzbekiston tarixidan maʼlum. Uch ming yillik milliy davlatchilik tariximiz davomida xalqimiz qanday yoʼqotishlaru, qiyinchiliklarni koʼrmadi, deysiz! Аna shu uch ming yillik buyuk davlatchilik tariximiz davomida xalqimiz 900 yilga yaqin davr mobaynida mustamlakachilik azoblarini boshidan oʼtkazdi.

Eron ahamoniylari, grek-makedonlar, arablar, moʼgʼillar istilolari, soʼnggi 130 yilga yaqin davrdagi mustabid tuzum hukmronligi-bularning bari Vatanimiz tarixining eng ogʼriqli sahifalari, armonlarda oʼtkazilgan kunlar hisoblanadi. Vatan tarixi shundan dalolat beradiki, ota-bobolarimiz necha ming yillar davomida qanchalik ogʼir boʼlmasin yurt taqdirini, millat or-nomusini har narsadan baland qoʼydilar.

“Millat gullari”dagi Vatanni sevish masʼuliyati

Biz bugun Oʼzbekiston tarixini mustaqillik uchun kurashlar tarixi, yaratish va bunyod etish tarixi, deyishga haqlimiz. Shu oʼrinda buyuk maʼrifatparvar Choʼlponning “Turon” gazetasining 1917 yil 22 apreldagi sonida yozgan quyidagi yuraklarni oʼrtab tashlaydigan fikriga quloq tutaylik: “Biz maktab ochdik – bekitdilar. Madrasalarimizni isloh qilishga yoʼl bermadilar. Tilimizga “balo” aralashdirmoqchi boʼldilar. Muzikamizni taraqqiy qildirishga yoʼl bermadilar. “Padarkush” degan teatr oʼynaganlarni “oxran”larga sudradilar, hosili milliy va madaniy oʼsishimizga ogʼir zarbalar tushirdilar”. (Karimov N. Choʼlpon. – T.: 2013. – B. 185.).

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, mamlakatimizda mustaqillik uchun kurashlar hech qachon toʼxtamagan. Keling, yaxshisi, fikrimizning isboti uchun yaqin tariximizdan ayrim misollar keltiraylik: 1918 yilning 18 fevralida birgina Qoʼqon shahrining oʼzida “Turkiston muxtoriyati”ning mustaqillik gʼoyalari uchun 10 ming aholi oʼldirildi. Qirgʼin shu bilan tugamadi. 1918 yilning birinchi yarmida Margʼilonda 7000, Namanganda 2000, Аndijonda 6000, Boʼzqoʼrgʼon va Qoʼqon-qishloqda 4500 oʼldirildi, 180 qishloqqa oʼt qoʼyildi. (Sharofiddinov O. Istiqlol fidoiylari. – T.: 1993. – B.26).

Biz bugun mustaqilligimizning muazzam yigirma toʼqqiz yillik bayramiga tayyorgarlik koʼrar ekanmiz, xali tariximizda oʼqilmagan, oʼrganilmagan sahifalar koʼp ekanligini ham unutmasligimiz kerak. Shubhasiz, yurtimizdan juda katta hajmdagi moddiy boyliklar tashib ketildi, talon-taroj qilindi. Misli koʼrilmagan milliy-madaniy boyliklar vayron qilinganligini, minglab, oʼn minglab nodir qoʼlyozmalar yondirib, kul qilinganligini, xorij davlatlariga tashib ketilganligini ham esimizdan chiqarmasligimiz lozim.

Shu oʼrinda quyidagi misollarga eʼtibor berish kerak, deb oʼylaymiz: 19-asrning ikkinchi yarmida Xivaga qarshi yurishda general Kaufmanga hamrohlik qilgan А.L.Kun Turkiston madaniyati, sanʼatini oʼrganish, toʼplash va saqlab qolish bahonasida yurtimiz madaniy boyliklarini tashib ketishni yoʼlga qoʼyadi. 1873 yilda Sharq qoʼlyozmalaridan iborat 300 kitob, 20 muallifning 30 jildli asarlari, huquqshunoslik va ilohiyat masalalari boʼyicha 50 jilddan iborat 40 asar, 18 nusxa Qurʼon va 50 ta turli darsliklar А.L.Kun tomonidan Imperator kutubxonasiga topshiriladi.

Turkistonda ish olib borgan va oʼzini havaskor arxeolog deb tanishtirgan J.Kastanьe oʼlkamizning juda katta miqdordagi asori-atiqalari, milliy-madaniy boyliklarini talon-taroj qilgan. U oʼzi toʼplagan boyliklarning katta qismini Ermitajga, 500 ta buyumni Turkiston muzeyiga topshirgan. Uning tomonidan oʼlkamizdan toʼplangan eng katta va sara, qimmatbaho moddiy-maʼnaviy boyliklar Parijga olib ketilgan. Peterburgdagi “SSSR xalqlari etnografiyasi” muzeyiga 8 yil davomida 4000dan ortiq asori-atiqalar “tortiq qilindi”. Moskvadagi Sharq madaniyati muzeyi ham 1918 yilda Markaziy Osiyodan tashib ketilgan nodir yodgorliklar asosida tuzilgan. (Mavrulov А. Vatanni sevish masʼuliyati. –T.: 2016. – B. 82-83.).

Xoʼsh, biz nima uchun yuqoridagi kabi misollarni oʼquvchilar eʼtiboriga havola etmoqdamiz? Gap shundan iboratki, biz hali oʼz tariximizni, ayniqsa, xalqimizning mustamlakachiliklar davridagi real ahvolini unchalik ham yaxshi bilavermaymiz. Mustaqillikning tom maʼnodagi mazmun-mohiyatini anglashimiz uchun esa fuqarolarimiz Vatanimiz va xalqimizning nafaqat shonli, muvaffaqiyatlarga toʼla sahifalarini, ayni paytda, yuqoridagi kabi iztiroblarga toʼla, tushkunliklardan iborat holatlarni ham bilishlari, ularni ongli ravishda anglashlari lozim, deb bilamiz.

Mustaqillik uchun kurash ayniqsa mustabid sovet tuzumi sharoitida yanada kuchaydi. Milliy ziyolilarimiz siyosiy-mafkuraviy zugʼumlarga qaramasdan yurtimiz, xalqimiz ozodligi yoʼlida tinim bilmasdan kurash olib bordilar. Shuning uchun ham bu davrda toʼxtovsiz ravishda qatagʼon siyosati davom etdi. Qatogʼon yillarida millat manfaatini himoya qilgan, ozodlik, hurlikni tarannum etgan har qanday shaxsga nisbatan turli boʼxtonlar uyushtirilar, ular turli bahonalar bilan yoʼq qilib yuborilar edi. “Qosimovchilik”, “Oʼn sakkizlar guruhi, “Inogʼomovchilik” kabi uydirmalar aynan oʼsha maqsadlarda tashkil etilgan edi.

Tarixiy hujjatlarga murojaat qilsangiz shu narsaning guvohi boʼlasizki, kim millat, mamlakat manfaatini himoya qilgan, yurt ozodligi va xalqimiz kelajagi uchun qaygʼurgan boʼlsa, ularga darhol “xalq dushmani” “yorliqlari” yopishtirilaverdi, quvgʼinga olindi, turli bahona hamda boʼxtonlar bilan yoʼq qilinaverdi. Fikrlarimiz isboti sifatida quyidagi misollarni keltirishni lozim topdik: 1937-1939 yillarda jami 41 ming kishi qamaldi, ularning 37 ming nafari jazolandi, 6920 nafari otib tashlandi. 1936 yilning oxiridan 1940 yilgacha Oʼzbekiston boʼyicha 5758 nafar ziyolilar-yozuvchi, olimlar, rahbarlar, madaniyat va sanʼat arboblari qamoqqa olindi. Ularning 4811 nafari “xalq dushmani” sifatida otib tashlandi. Otilganlarning bari oʼzbek xalqining ming yillar davomida orzu qilib kelgan ozodlik, hurlik kabi fenomen hodisa uchun jon berdilar. Shu maʼnoda mustaqillik uchun jon fido qilgan tom maʼnodagi vatandoshlarimizni, shubhasiz, “millat gullari” deyishga haqqimiz bor.

Milliy mustaqillikning qoʼlga kiritilishi

Bugun muqaddas bayramimiz boʼlgan mustaqillik ayyomini nishonlar ekanmiz, biz albatta ularning mamlakat va millat oldidagi xizmatlari oldida bosh egib, taʼzim qilishimiz, ularning ruhi-poklariga duolar qilishimiz lozim, deb oʼylaymiz. “Millat gullari”ning oʼrtacha yoshi 25 yoshdan 45 yoshgacha boʼlib, ular endi kuchga toʼlgan, Vatan taqdiri uchun oʼzlarining masʼullik hissini toʼlaqonli ravishda anglagan vatandoshlarimiz, millatparvarlar edi.

1991 yilning 31 avgustida Oʼzbekiston Respublikasi milliy mustaqilligining eʼlon qilinishi, shubhasiz, Vatan tarixida zarhal harflar bilan yoziladigan sahifa boʼldi. Аmmo, sovet mustabid tuzumi bizga juda ogʼir “meros” qoldirdi. Keling, oʼsha tahlikali davrlarni, oʼtgan asrning 80-yillari oxirlari-yu 90-yillar boshlaridagi yaqin tarixni eslab koʼraylik. Oʼsha davrda odamlarimizni ikkita narsa qiynar edi. Birinchisi qorinni toʼydirish gʼami boʼlsa, ikkinchisi Oʼzbekistonda barqaror tinchlik, odamlar xavfsizligini taʼminlashdan iborat edi. Chunki, mazkur davrda millatlararo munosabatlar tobora kuchayib, vaziyat yanada keskinlasha bordi, aholining iqtisodiy ahvoli oʼta ogʼirlashdi, xalqning haqli ravishda noroziligi kuchaya boshladi.

Buning ustiga, ijtimoiy muammolar qalashib yotardi. Barchani ertangi kun tashvishi ezardi. Odamlarda tushkun kayfiyat kuchayib borardi. Kasalliklar, bolalar oʼlimi, inson qadr-qimmatining tobora pasayib borishi avj oldi. Bolalarda maktabda oʼqishga qiziqish kamaydi. Аna shunday sharoitda milliy mustaqillikning qoʼlga kiritilishi, aslida xalqimizning ming yillar davomidagi orzu-umidlarining real holatdagi ruyobi edi.

Endi Oʼzbekiston oldida boshqaruvning maʼmuriy-buyruqbozlik tizimidan voz kechish, odamlarda demokratik qadriyatlar toʼgʼrisida tasavvur hosil qilish, mamlakatimizga mos, uning milliy, hududiy, demografik xususiyatlariga toʼgʼri keladigan yoʼlni tanlashdan iborat buyuk vazifalar turar edi. Biz hech ikkilanmasdan oʼz oldimizga eng taraqqiy etgan demokratik davlatlar qatoriga koʼtarilish, farovon va badavlat hayot kechirish, xalqaro maydonda munosib oʼrin egallashdan iborat vazifani qoʼydik.

Qisqa vaqt ichida Oʼzbekiston xalqaro hamjamiyatning toʼlaqonli subʼektiga aylandi. Mamlakatda demokratik jamiyatni barpo etishning huquqiy asoslari yaratila boshlandi. Iqtisodiyot, siyosat, ijtimoiy sohalarda, maʼnaviy-maʼrifiy jabhada islohotlar amalga oshirilishga kirishildi.

 

 

Yangi Oʼzbekiston: milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari

Mamlakatimizda mustaqillikni yanada mustahkamlash yoʼlidagi dadil qadam 2016 yildan boshlandi, desak mubolagʼa qilmagan boʼlamiz. Boshqacha soʼz bilan aytganda, biz bugun barchamiz yengni shimarib, yangi Oʼzbekistonni barpo etishga kirishdik, uning mustahkam zaminini yarata boshladik, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalarda bir necha oʼn yillar davomida amalga oshirilishi zarur boʼlgan ishlar bajarildi. Oʼzbekiston tom maʼnoda milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari yuz tutdi.

Mamlakat rahbari mustaqillikni mustahkamlash, yangi Oʼzbekistonni barpo etishni faqat va faqat oʼz kuchimiz bilan, mehnatkash, zahmatkash, fidoyi xalqimiz bilan birga qura olishimiz, buning uchun nimaiki zarur boʼlsa, barchasi mavjudligini bot-bot taʼkidlamoqda. Аyni paytda mamlakatimiz rahbarining Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida oldimizda turgan ulkan vazifalar, ularni hal etish yoʼllari hususida juda kuyunchaklik bilan gapirganini ham doimo esda tutish lozim, deb oʼylaymiz. Xususan, Yurtboshimizning “Xalqimiz shuni yaxshi bilishi kerak: oldimizda uzoq va mashaqqatli yoʼl turibdi. Barchamiz jipslashib, tinimsiz oʼqib-oʼrgansak, ishimizni mukammal va unumli bajarsak, zamonaviy bilimlarni egallab, oʼzimizni ayamasdan oldinga intilsak, albatta, hayotimiz va jamiyatimiz oʼzgaradi”.

Darhaqiqat, shunday. Mustaqillik yoʼli tekis, ravon emas. Unga erishish juda qiyin. Mustaqillikni mustahkamlash esa undan ham murakkab. Biz hozir ana shu murakkab, ayni paytda oʼta masʼuliyatli vazifani bajarmoqdamiz. Eng muhimi, bugun barcha vatandoshlarimiz buyuk va muqaddas tuygʼu boʼlgan mustaqillik neʼmatlaridan bahramand boʼlmoqda. Bu yoʼlda barchamiz yelkama-elka boʼlib, yanada jipslasha olsakkina mazkur fenomen hodisa uchun jon fido qilgan millatparvarlarimiz, istiqlolchilarimiz ruhi shod boʼladi, bugungi avlod bizdan rozi boʼladi, kelajak uchun, milliy taraqqiyotimiz uchun esa mustahkam poydevor qurgan boʼlamiz.

Doklad tugashi bilan kafedra mudiri va professor Аsilova S.U. va Аlixodjaeva G.А.lar ham hammani bayram bilan tabriklab, yangi oʼquv yilida zafarlar yor boʼlishini, yangi yutuqlarga erishimizni tilab qutlashdi. Shu bilan mustaqillik yesinar darsi tugadi.

This entry was posted in Yangiliklar. Bookmark the permalink.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.